Fransiya yuzlab AASM bombalariga buyurtma berishni rejalashtirmoqda

Fransiya Qurolli kuchlari vazirligi 2024-yilda Ukrainaga 600 ta AASM turidagi bomba yetkazib berishni va’da qilgandan keyin zaxiralarni to‘ldirish uchun Safran kompaniyasidan 500 ga yaqin shunday bombalarning yangi partiyasiga buyurtma berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tribune nashri xabar berdi. Nashrning qayd etishicha, zaxirani tiklash to‘g‘risidagi qaror 2024-yil yanvarida Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari Sebastyan Lekornu Parij Kiyevga yil davomida har oy 50 ta AASM bombasi yetkazib berishini aytganidan keyin qabul qilingan. Avvalroq Fransiya va Germaniya Ukrainada qurol ishlab chiqaradigan zavod qurish niyatida ekani xabar qilingandi. AASM Hammer qo‘shimcha uskunalar to‘plami bo‘lib, havodan erkin tushadigan “oddiy” bombalarni boshqariladigan “aqlli” bombalarga aylantiradi. AASM Hammer’ning asosiy versiyalarida 250 va 1000 kg bomba ishlatiladi. Modulli dizayn tufayli nishon turiga va jangovar topshiriqning xususiyatiga qarab bomba xususiyatlarini o‘zgartirish mumkin. Bunda portlash balandligi, tezligi va zarba burchagini dasturlash mumkin.