Bir qator hokimliklar etim va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni qoʻllovchi «Mehr daftari» fondi mablagʻlaridan oʻzlariga yangi mashinalar sotib olmoqda

Qashqadaryo viloyati hokimligining «Mehr daftari» jamgʻarmasi nomidan toʻrtta «gibrid» BYD Song Plus sotib olish boʻyicha qaror chiqarilgan. Oʻtgan yilning 9 iyun kuni ushbu jamgʻarma tomonidan ham 450 million soʻmga Chevrolet Equinox sotib olingan. Jizzax viloyati hokimligining «Mehr daftari» jamgʻarmasi hisobidan 768,3 million soʻmga ikkita BYD Song Plus DM-i (gibrid) va 444,5 million soʻmga yana bir ana shunday avtomashina xarid qilinmoqda. Buxoro shahri hokimligi «Mehr daftari» jamgʻarmasidan 412 million soʻmga elektromobil xarid qilinmoqda. Avtomobil modeli koʻrsatilmagan, ammo spesifikasiyadagi quvvat zaxirasiga asoslanib (520 km) bu BYD Song Plus EV Champion boʻlishi mumkin. 2023 yil 6 iyun kuni Surxondaryo viloyatining «Mehr daftari» jamgʻarmasidan 156,3 million soʻmga Chevrolet Gentra («gibrid» yoki elektromobil emas) sotib olinishi rejalashtirilgan edi. Buning asosi viloyat sobiq hokimi Toʻra Bobolovning farmoyishida keltirilgan boʻlib, unda mahalliy byudjet zaxira jamgʻarmasidan ikkita Captiva’ni ta'mirlash va Gentra rusumli avtomashinalarni xarid qilish uchun 237,1 million soʻm ajratilishi koʻrsatilgan.