O‘zbekistonda maktablardagi davomatning eng past ko‘rsatkichlari kuzatilgan hududlar ma’lum qilindi

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari orasida davomatning pasayib ketishi kuzatilmoqda. 2024-yilning fevral oyidan e’tiboran Milliy gvardiya hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktablarda davomat muammosi bilan shug‘ullanuvchi maxsus ishchi guruh tuzildi. Davomat.e-maktab ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda (jami o‘quvchilarning 99 foizi qamrab olingan) maktablardagi o‘rtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga (98,8 foizi qamrab olingan) kelib 82,5 foizga tushgan. Davomatning eng past ko‘rsatkichlari yuqori sinf o‘quvchilari orasida (10–11-sinflar) kuzatilgan bo‘lib, 78,4 foizni tashkil etgan. Buning asosiy sabablaridan biri ularning oliy o‘quv yurtiga tayyorlanish jarayonida qo‘shimcha darslarga qatnashi bo‘lishi mumkin. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 16-17 yoshli farzandi bo‘lgan ota-onalarning 87 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga qatnashini bildirgan. Hududlar bo‘yicha davomatning eng past ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (57,8 foiz), Jizzax (76,9 foiz), Toshkent (75,8 foiz) va Farg‘ona (79,8 foiz) viloyatlarida kuzatilmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkichlar esa Buxoro (89,1 foiz), Surxondaryo (88,3 foiz) va Qashqadaryo (88,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.l Fanlar kesimida, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida eng past davomat ko‘rsatkichlari o‘zbek tili va matematika darslarida kuzatilgan. O‘rta sinf o‘quvchilari orasida o‘zbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili fanlari, yuqori sinf o‘quvchilari orasida ham o‘zbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past ko‘rsatkichlari kuzatilgan. Ota-onalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, betob bo‘lib qolishi (75,4 foiz), ota-onasiga ishlarda yordam berishi (8,9 foiz), ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi (3,1 foiz), xususiy o‘qituvchi/repetitor bilan o‘qishi (1,7 foiz), maktabga borishi uchun qo‘shimcha xarajatlarga mablag‘ yetishmasligi (1,1 foiz) o‘quvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablardir. So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini aytgan. Ma’lumot uchun, ota-onalar orasidagi so‘rov Jahon bankining O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasidagi “O‘zbekistonda Bolalar farovonligi indeksini ishlab chiqish” so‘rovnomasi asosida o‘tkazilgan U respublikaning 14 ta hududida o‘tkazilgan bo‘lib, ikki ming nafar ota-onani qamrab olgan.