“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” 2023-yilda Afg‘onistonga qancha elektr energiyasi eksport qilgani ochiqlandi

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati 2023-yilda Afg‘onistonga 91,2 million dollarlik elektr energiyasi eksportini va 9,6 million dollarlik elektr energiyasi tranzitini amalga oshirdi. Bu haqda kompaniya rasmiylari xabar berdi. Qayd etilishicha, 2023-yilda eksport ko‘rsatkichlari jami 100,8 million dollarni tashkil etgan. Shuningdek, magistral elektr tarmoqlari orqali 71,9 milliard kVt/soat elektr energiyasi uzatilgan. Sarf-xarajatlarni qisqartirish yo‘nalishi bo‘yicha, 2023-yilda jami 348,6 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ iqtisod qilingan, jumladan, investitsiya loyihalarini optimallashtirish hisobiga 288 milliard so‘m, nosohaviy faoliyatlarni optimallashtirish hisobiga 29,3 milliard so‘m, xarid shartnomalarini optimallashtirish hisobiga 19,1 milliard so‘m, “Energiyamaxsusavto” tashkilotini filialga aylantirish hisobiga 1 milliard so‘m tejalgan. Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatining 2024-yilgi rejalari haqida ham ma’lumot berilgan. Birinchidan, magistral elektr tarmoqlari orqali 74 milliard kVt/soat elektr energiyasini uzatish kutilmoqda. Ikkinchidan, 2024-yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan umumiy loyiha qiymati 1 milliard 915,7 million dollarga teng bo‘lgan 23 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, loyihalar doirasida 2024-yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 430,6 million dollar (2023-yil rejasiga nisbatan o‘sish surati 270 foiz) mablag‘ o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Jumladan: davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘laridan — 164,1 million dollar (2023-yil tashqi qarz o‘zlashtirish rejasiga nisbatan o‘sish surati 178,4 foiz); to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardan — 200 million dollar; korxonaning o‘z mablag‘laridan — 62,2 million dollar; tijorat banklari kredit mablag‘lari — 4,3 million dollar. Bundan tashqari, korxonaning eksport ko‘rsatkichi 2024-yilda 111,8 million dollar miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.