Xorazmda ikki guruh o‘rtasidagi ommaviy janjalning oldi olindi

Qayd etilishicha, 31-mart kuni viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmatiga Urganch tumani “Bog‘dorchi” mahallasi hududida 30 nafarga yaqin fuqaro o‘zaro guruh-guruh bo‘lib mushtlashishni rejalashtirgani to‘g‘risida maʼlumot kelib tushgan. Ushbu maʼlumotga asosan, hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan viloyat IIB va DXX boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan guruhlar o‘rtasida rejalashtirilgan o‘zaro janjalning oldi olinishiga erishilgan. Aniqlanishicha, mazkur ikki guruh tarkibida bo‘lgan 2 nafar shaxs o‘rtasida kelib chiqqan o‘zaro nizoni tanishlarini jalb qilgan holda, guruh-guruh bo‘lib janjallashib hal qilishga uringan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 9 nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi, shuningdek, hodisa ishtirokchisi bo‘lgan yana 6 nafar shaxs Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik) va 194-moddalariga (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olingan.