24 yoshli afrikalik futbolchi o‘g‘rilar tomonidan otib o‘ldirildi

Janubiy Afrikaning “Kayzer Chifs” klubi markaziy himoyachisi, 24 yoshli Lyuk Flers yonilg‘i quyish shoxobchasida, jinoyatchilar uning mashinasini o‘g‘irlamoqchi bo‘lganida otib o‘ldirilgan.“O‘yinchilarimizdan biri Lyuk Flersning fojiali va bevaqt vafot etganini bilib, chuqur hayratda va qayg‘udamiz. Biz ushbu o‘ta og‘ir damlarda uning oilasi va yaqinlariga samimiy hamdardligimizni bildiramiz”, — deyiladi “Kayzer Chifs” bayonotida. Gauteng politsiyasi vakili podpolkovnik Mavela Masondoning so‘zlariga ko‘ra, gumondorlar Flersni mashinadan tushirib uloqtirishdan oldin unga o‘qotar qurol ko‘rsatgan va keyin otib tashlagan. 24 yoshli yigit yaqin atrofdagi kasalxonaga olib ketilgan va shifokorlar tomonidan uning vafot etgani ma’lum qilingan. Janubiy Afrika Premyer Ligasi 6—7-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan barcha o‘yinlarni Flers xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlanishini e’lon qildi. Lyuk avvalroq Tokio Olimpiadasida Janubiy Afrikaning U23 terma jamoasida o‘ynagan. U guruhdagi barcha o‘yinlarni o‘tkazgan, biroq jamoa hech qaysi o‘yinda g‘alaba qozonmagan. Shuningdek, 2021-yilda u Efiopiyaga qarshi Jahon chempionati saralash o‘yinlariga chaqirilgan, ammo Flers maydonga tushmagan.