Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgan andijonlik 42 yoshli erkak qidirilmoqda

Maʼlum qilinishicha, Dilshod Abdullayev 1982-yil Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. U 2018-yilda Janubiy Koreyaga borganida “Javhad an nusra” xalqaro terroristik tashkilotning tarkibiy bo‘linmasi hisoblangan “Tavhid va jihod katibasi” guruhining g‘oyaviy yetakchilari ta’siriga tushib qolgan. Keyinchalik ushbu tashkilot g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, Janubiy Koreyadan Turkiyaga, u yerdan esa Suriyaga o‘tib, terrorchilik tashkiloti tarkibida faol jangovar harakatlarda qatnashib kelgan. Dilshod Abdullayev hozirda ham jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgani aniqlangan. Olib borilgan surishtiruvlar natijasida unga nisbatan 2023-yilda Jinoyat kodeksining 155-2- (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi 244-2-moddalari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv eʼlon qilingan. Avvalroq Suriyadagi terrorchilik tashkiloti aʼzosi bo‘lgan 25 yoshli andijonlik yigit qidirilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.