Bolalar zo’ravonligining oldini olishga doir milliy qonunchilik tahlili
Bolalar zo’ravonligining oldini olishga doir milliy qonunchilik tahlili
Andijon viloyati Adliya boshqarmasi Oltinko‘l tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti O`Mamajonov
AnnotatsiyaUshbu maqolada bola huquqlariga oid milliy qonunchilik tahlili, yurtimizda amalga oshirilgan va oshirilayotgan bolalar zo’ravonligini oldini olishga doir chora tadbirlar haqida so’z boradi.
Kalit so’zlar: Bola huquqlari tushunchasi, bola huquqlariga oid milliy qonunchilik, bola huquqlari zo’ravonligini oldini olish, bolalar muhofazasi.
Har qaysi zamon va makonda bolalar huquqlariga bo’lgan e’tibor muhim va dolzarb hisoblanadi. Bolalar har bir uyning, mamlakatning quvonchi, kelajagi va barakasi desak adashmagan bo’lamiz. Hozirgi kunda rivojlangan davlat borki, bola tarbiyasi va bola huquqlariga katta ahamiyat qaratadi. Bola huquqlari, ularga bo’lgan e’tibor Islom dinida ham mustahkamlanadi. Qur’oni Karimdagi oyatlarning birida, «Biz ular keltirgan qadamlarni, bosgan qadamlarni ham yozamiz va ularning asarini ham yozamiz», – deya marhamat qilingan. Tafsirlarning birida bu oyatdagi «ularning izi» degani – bu asarimiz, avlodlarimizdir, degan fikr bildirilgan. Zero, bolalar bizning ertangi kunimiz, bo’lg’usi yutuqlarimiz hisoblanadi.
“Bola” tushunchasiga Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi Qonunida ilk bor to’liq ta’rif berilgan. Chunki, avval qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda “bola” yoki “bolalar” tushunchasi ishlatilganda, uning mazmuni ochib berilmagan. Aynan bolaga berilgan mazkur tarif dolzarb ahamiyatga ega. Sababi, ushbu Qonun hamda ularga taaluqli boshqa normativ-huquqiy hujjatlar kimlarni himoya qilishga qaratilganligini aniq belgilab beradi. Ushbu Qonunda bolalarga berilgan tarif BMTning Bolalar huquqlari to’g’risidagi konvensiyasining 1-moddasiga to’liq, mos keladi va unga binoan, “bola-bu 18 yoshga to’lmagan har bir inson zoti, agar bolaga nisbatan qo’llaniladigan qonun bo’yicha u ertaroq balogatga yetmagan bo’lsa”
Kundan kunga taraqqiy etayotgan zamonimizda bola huquqlarini himoya qilish masalasi xalqaro hamjamiyat uchun hamisha dolzarb va muhim bo‘lib kelgan. BMT Bosh assambleyasi bu borada 1959-yil 20-noyabrda Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989-yil aynan shu kunda esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilgani ham buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Ushbu konvensiyaning asosiy maqsadi bolalar manfaatlarini mumkin qadar himoya qilishdan iborat. U muqaddima, 3 qism, 54 moddadan iborat. Konvensiyaga asosan agar milliy qonunlarda balogʻat yoshi birmuncha erta belgilangan boʻlmasa, 18 yoshga toʻlmagan har qanday shaxs bola hisoblanadi. Bolalarni kamsitmaslik -Konvensiyaning muhim tamoyillaridan hisoblanadi. Bola huquqlari toʻgʻrisida konvensiya 1990-yil 2-sentabrda kuchga kirgan.
Aholisining 40 foizini bolalar tashkil etgan O‘zbekiston uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash, ayniqsa, ustuvor ahamiyatga ega. Mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992-yil 9-dekabrda mamlakatimiz inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar ichida birinchi navbatda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani bejiz emas. Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mamlakatimizda bola huquqlari ustuvorligidan dalolatdir. Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga mazkur Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan shu mazmundagi 5 ta davriy ma’ruza taqdim etildi.
Yurtimizda ayni paytda mamlakatimizda bola huquqlari va qonuniy manfaatlari sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida hamda 15 ta kodeks, 20 dan ortiq qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 20 dan ortiq farmonlari va Vazirlar Mahkamasining 100 dan ortiq qarorlari, shuningdek, 70 dan ortiq idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmoqda. Oʻzbekistonda bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan milliy qonunchilikning rivojlanishini shartli ravishda uch bosqichga boʻlgan holda oʻrganish mumkin:
Birinchi bosqich-1991-2000-yillarni;
Ikkinchi bosqich-2000-2008-yillarni;
Uchinchi bosqich-2008-yildan bugungi kunga qadar davrni oʻz ichiga oladi.
Bolalar huquqlariga tegishli bo’lgan eng asosiy hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hisoblanadi. Konstitutsiya barcha hujjatlarning eng ustuni bo’lib, qolgan barcha hujjatlar aynan konstitutsiyaga asosan yoziladi. Konsitutsiyada bolalar huquqlariga oid ko’plab moddalar bor. Ushbu moddalarda bolalarning huquqlarini himoya qilish bilan birga davlat tomonidan kafolatlanishi ham ko’rsatib o’tilgan. Konstitutsiyamizning 50-moddasida har bir bolalarning ta’lim olish, o’qish huquqi haqida bo’lib, bolalar bog’cha, maktab, universitet va institutlarda ta’lim olishi mumkinligi belgilangan.
Bolalar huquqlariga oid yana bir muhim hujjat bu – bu O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi. Oila kodeksida ham bolalar huquqlariga oid ko’plab normalar bor. Oila kodeksining 96-moddasida, ota-onalar bolalarini 18 yoshga to’lguniga qadar o’sib-ulg’ayishi uchun zarur bo’lgan ehtiyojlar bilan ta’minlashi kerakli ko’rsatilgan. Masalan, ota-onalar farzandlarini tarbiyalashlari, qo’llab-quvvatlashlari va ularning bilim olishlari uchun g’amxo’rlik qilishlari kerak.
Bolalar huquqlariga oid eng muhim qonunlardan biri bu – “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hisoblanadi. Ushbu qonunda hamma bolalarning huquqlari batafsil bayon qilingan. Bundan tashqari, ushbu qonun Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Bola huquqlari to’g’risidagi konventsiyasiga muvofiq bolaning asosiy minimal huquqlarini ta’minlaydi. Ushbu normativhuquqiy hujjatda sog’likni saqlash, ta’lim, ijtimoiy ta’minot va har tomonlama rivojlantirish yo’nalishlarida bola huquqlarining kafolatlari mustahkamlab qo’yilgan. Ushbu Qonunda ijtimoiy zaif bolalar va alohida extiyojlarga muhtoj bolalarning huquqlari aloxida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, 1991-yil 20-noyabrdagi O’zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining “Sogʻliqni saqlash toʻgʻrisida”gi qonuni, 1994-yil 16-iyundagi “Bolali oilalarga davlat ijtimoiy yordam tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi va 1994-yil 23-avgustdagi “Kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi hamda 1996-yildagi “Bolali oilalarga koʻrsatiladigan ijtimoiy koʻmakni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi qarorlari bolalar huquqlari sohasidagi muhim hukumat hujjatlari sirasiga kiradi.
2017-yilda «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani ayni yo‘nalishdagi islohotlar uzviy va qat’iy, izchil va bosqichma-bosqich asosda davom etayotganining yorqin tasdig‘idir. Yangi Qonunda yoshlarga oid siyosatni, ya’ni navqiron avlodning rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, davlat va jamiyatni rivojlantirishda ularning intellektual, ijodiy salohiyatidan unumli foydalanishni nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi belgilab berilgani g‘oyatda muhimdir.
Shuningdek, 2024-yil 29-fevralda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, Bola huquqlari bo‘yicha vakil mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Ayni chog'da mamlakatimiz bolalar manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga doir barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo'shilgan. BMTning “Balog'atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari” (Pekin qoidalari, 1985 yil) hamda “Voyaga etmaganlar o'rtasida jinoyatlarning oldini olish uchun bosh tamoyillari” (Ar-Riyod bosh tamoyillari, 1990 yil) shular jumlasidandir. Bola huquqlariga oid xalqaro hujjatlar o‘z navbatida milliy qonunchilikni takomillashtirishga yordam bermoqda.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60-yilligi mamlakatimizda keng nishonlangan 2008-yilda O‘zbekiston parlamenti bola huquqlariga taalluqli quyidagi muhim xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qildi:
Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi XMTning konvensiyasini;
Bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va tugatishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi XMTning konvensiyasini;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini (Nyu-York, 2000-yil 15-noyabr) to‘ldiruvchi odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi protokolini;
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolni;
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolni.
Bola huquqlarini yuqori darajada ta’minlash, shuningdek, ularni barkamol shaxs sifatida voyaga yetkazish masalasi yurtimizda azaldan dolzarb vazifa sanalgan. Mustaqillik yillarida ham bu masalaga alohida e’tibor berilmoqda. Shuning uchun ham, 2008-yil mamlakatimizda “Yoshlar yili”, 2010-yil “Barkamol avlod yili” deb e'lon qilindi.
Qo’shimcha tarzda aytishimiz mumkinki, shu kungacha bo’lgan davrda yurtimizda bola huquqlariga bo’lgan e’tibor yuzasidan ko’plab islohotlar amalga oshirilib kelmoqda. Bunga misol qilib ayta olamizki, bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan bo’lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatimizda 500 nafarga yaqin shaxs voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoga tortilgan. Bu kabi muammolarni bartaraf etish, shuningdek, qonunchilikni yanada mustahkamlash maqsadida 2023-yil 11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonunga asosan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilandi. Ya’ni, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.
2024-yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 35-yilligi keng nishonlanadi. Shu maqsadda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Keyingi yillarda ta'lim va tarbiya sohasida tub o'zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, 2025 yilga borib 3-7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi hayotga joriy etilmoqda.
Buning natijasida 2017 yilda mamlakatimizda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish 27,7 foiz bo'lgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2020 yilga kelib 60, 9 foizga ko'tarildi.
Yurtimizda 11 yillik maktab ta'limi tizimi qayta tiklandi. 2020 yil sentyabr` oyidan boshlab, o'quvchilarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumta'lim va kasb-hunar maktablarida ta'lim jarayoni onlayn va an'anaviy tarzda amalga oshirilmoqda. .
Pandemiya sharoitida ham bolalarning barcha huquqlarini izchil ro'yobga chiqarishga intilinmoqda. Jumladan, mamlakatimizda har bir bolaning bilim olishga oid huquqini ta'minlashga jiddiy ahamiyat berilmoqda. .
Alohida qayd etish kerakki, bola huquqlari va erkinliklari mazkur huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, ularni amalga oshirish bo‘yicha mamlakatda keng ko‘lamli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Prezident maktablari, ijod va Temurbeklar maktabi, ixtisoslashtirilgan maktablarning ochilishi yurtimizda bola tarbiyasi va ilm olish huquqi davlat siyosatining bosh masalasi sifatida hamisha e'tibordaligi diqqatga sazovordir. Mazkur masalaning dolzarbligi haqida: “Maktabgacha ta'lim tizimiga alohida e'tibor qaratayotganimiz bejiz emas, agar yoshlar tarbiyasiga bugundan e'tibor bermasak, ertaga kech bo'lishi mumkin” deb ta'kidlagandi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev BМТ Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida. .
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Yangi qonun 5 bob va 51 moddadan iborat bo‘lib, unda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi va nafaqat jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari, balkim bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, uni majburiy ekspluatatsiya qilish, bulling kabi tushunchalar ham kiritilgan. Shuningdek, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilishi va ularning huquqlarini tiklashi hamda ularni ijtimoiy moslashtirish uchun zarur bo‘lgan samarali choralar ko‘rishi qonunan belgilangan. Loyihada sohadagi vakolatli organ sifatida prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari ko‘rsatilgan. .
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
• zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyaga ega bo‘lish;
• o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani, tahdid qilingani yuzasidan ariza berish yoki sudga murojaat etish;
• barcha turdagi bepul taqdim etiladigan maslahatlardan foydalanish;
• himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish;
• sodir etilgan zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilishi mumkin.
Shuningdek, endilikda bolalarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi. Qonun bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi. .
Bundan tashqari yurtimizda nogironligi bo’lgan bolalarga, yetim va ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarga koplab imtiyozlar yaratilmoqda. Xususan, Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari bog‘chalarga joylashtirishda imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi.Ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham birinchi I va/yoki II guruh nogironi bo‘lgan oilalar, nogiron bolasi (bolalari) bo‘lgan oilalar iqtidorli farzandlari quyidagilar bilan ta'minlanadi:
zamonaviy yagona maktab formasi;
asosiy turdagi o‘quv qurollari;
badiiy kitoblar;
bolalar gazeta va jurnallariga obuna qilish;
respublika oromgohlarida dam olishini tashkil etish;
respublika bo‘ylab sayohatga borish va kelish xarajatlarini qoplash.
Yoki Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustda qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» qarorda yetim bolalarning ijtimoiy himoyasi kafolatlandi. Binobarin, yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarida hamda ularni tamomlagandan so‘ng akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar (keyingi o‘rinlarda — taʼlim muassasalari), shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya oladigan muddatda to‘liq davlat taʼminotida bo‘ladi.
Shunindek, taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan to‘liq davlat taʼminotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ularning shaxsiy xarajatlari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida pul mablag‘lari to‘lanadi.
Bundan tashqari, yurtimizda 2024-yilning 1-mayidan boshlab my.gov.uz portali orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uchun onlayn ariza berish imkoniyati yaratildi. Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun ariza berish, ularni ko‘rib chiqish, tayinlash va to‘lashning amaldagi tartibi saqlab qolingan holda yana bir qo‘shimcha tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, endilikda arizachi mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori nomiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Umuman olganda, har ikkala usulda topshirilgan arizalar bir xil muddatda va bir xil mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi.
Mamlakatimizda bu borada ko’plab islohotlar davom etmoqda, yillar davomida chiqarilgan qonunlar va qonunosti hujjatlar orqali yurtimizda bola huquqlarining kafolatlari mustahkamlandi. Bolalar xavfsizligi ta’minlandi. Bola huquqlariga oid o’rganishlar va yaratilgan imkoniyatlar o’z samarasini berib kelmoqda. Bular orqali ko’plab yetim bolalar o’z uyini topdi, zoravonlikka, bosimga uchrashlarning soni sezilarli kamaydi. Prezidentimiz tomonidan yurtimizning barcha yoshlari qo’llab-quvvatlangani bois dunyoni turli sohalarda yoshlarimiz egallashmoqda. Davlatda bolalar salomatligi va xavfsizligiga qayg’urilar ekan bu davlatning ertasi farovon vat inch bo’lishi shubxasiz.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati: 1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2. Bola huquqlari darslik 3. O’zbekiston Respublikasi Qonunchilik to’plami 4. https://oz.sputniknews.uz/20241115/bolalarni-zoravonlikdan-himoya-qilish-togrisida-qonun-qabul-qilindi-46635014.html 5. https://strategy.uz/index.php?news=615&lang=uz 6. http://www.insonhuquqlari.uz/oz/news/m13092 7. https://worldlyjournals.com/index.php/IJSR/article/view/4706/7257 8. https://lex.uz/mact/-1297315-O’RQ “Bola huquqlarining kafolatlari to’g’risida”