Qozog‘iston Yevroda o‘ynamaydi, Ukrainada yana bir qadam qoldi

Qozog‘iston tanaffusga qadar 4 ta javobsiz gol o‘tkazib yubordi Gretsiya — Qozog‘iston 5:0 Gollar: Bakasetas (9, penalti), Pelkas (15), Ioannidis (37), Kurbelis (40), Tapalov (87, avtogol). Gretsiya – Vlaxodimos, Boldok (Rota, 67), Xatsidiyakos (Retsos, 46), Mavropanos, Tsimikas, Bakasetas (Buxalakis, 74), Mantalos, Kurbelis, Pelkas (Yakumakis, 64), Masuras, Ioannidis (Konstantelias, 64). Qozog‘iston – Shatskiy, Kairov (Tapalov, 46), Yerlanov, Bistrov, Marochkin, Vorogovskiy, Chesnokov (Zuyev, 68), Beysebekov (Sadibekov, 46), Astanov (Orazov, 46), Zaynutdinov, Samorodov (Aymbetov, 77). Ogohlantirishlar: Vorogovskiy (17), Xatsidiyakos (30), Sadibekov (54), Orazov (67), Yerlanov (68). Qozog‘iston milliy jamoasining Yevro tomon shov-shuvli yurishi ayanchli yakunlandi. «Lochinlar» Millatlar ligasi tufayli qo‘shimcha imkoniyatga ega bo‘lishgandi, ammo bu yo‘lda Gretsiya to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Qozog‘istonliklar «ellinlar»ga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmasdan, yirik hisobda yutqazishdi. Magomed Adiyev muhim o‘yin arafasida milliy jamoaning asosiy futbolchilaridan biri — himoyachi Nurali Alipni yo‘qotgandi. «Zenit» futbolchisining sariq kartochkalari ko‘payib ketgandi, natijada murabbiy Erlanov — Marochkin — Bistrov uchligidan iborat sxema tanladi. Gustavo Poyyetda esa tarkib borasida jiddiy muammolar yo‘q edi — asosiy tarkibdagi chap qanot himoyachisi Yannulis yo‘qligida uning o‘rnini «Liverpul» vakili Tsimikas egalladi, Niderlandiyaning AZ klubida to‘p surayotgan to‘purar hujumchi Pavlidis zaxirada qoldirildi, uning o‘rnini «Panatinaikos» vakili Ioannidis egalladi. Greklarning eng sermahsul hujumchisi zaxirada qolgani osiyoliklarni qutqara olmadi. 7-daqiqadayoq Kairov jarima maydoni ichida Dimitriosga qarshi qo‘pollik ishlatdi, penaltini esa Bakasetas ishonchli tarzda ijro etdi. Ammo bu hali muammolarning boshlanishi edi — 15-daqiqada mezbonlar qozoqlar mudofaasini parokanda qildi va Pelkas qanotdan uzatilgan to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga mixladi. Lekin greklar ikki goldan keyin ham xotirjamlikka berilmadi, Qozog‘iston esa, aksincha, nursiz o‘yin ko‘rsatishda davom etdi — ahyon-ahyonda uyushtirilgan hujumlar xavfli tus olmadi. Mezbonlar esa ortiqcha kuch sarflamasdan hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. 37-daqiqada Ioannidis Masurasning uzatmasidan uchinchi golni urdi; 40-daqiqada burchak to‘pidan keyin Kurbelis o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Adiyev tanaffusda kerakli so‘zlarni topa olgandi, chunki tanaffusdan keyin Qozog‘iston butunlay boshqacha o‘ynay boshladi. Shunchalikki, 20 daqiqa davomida to‘pga egalik qilindi, bu oraliqda zarbalar bo‘yicha hisob qozoqlar foydasiga 8:2 ko‘rinishini oldi — mehmonlar taslim bo‘lishmagandi. Ammo bu yordam bermadi. Mehmonlar baribir gol urishdi, ammo o‘z darvozasiga. Tapalov bosh bilan to‘pni noto‘g‘ri tomonga yo‘naltirdi va bitta ham javob goli ura olmagan qozog‘istonliklar og‘riqli mag‘lubiyatga ko‘nishdi. Jamoa o‘z tarixida Yevropa chempionati saralashidagi eng yaxshi ishtirokini o‘tkazib, Daniya, Slovakiya va Finlandiya kabi kuchli raqiblarni mag‘lub etdi, ammo tarixiy muvaffaqiyatga erisha olmadi.