ISHID Crocus’ga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu qanchalik ishonarli?

Rossiya tomoni hozircha terakt ortida kim turishi mumkinligi haqida hech qanday rasmiy versiyani ilgari surmadi. Rossiya tashviqot kanallari ISHID bayonoti soxta ekanini aytib, Ukrainaning ishtirokiga ishora qildi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi va razvedka xizmatlari hujumga aloqadorliklarini rasman rad etdi.Biroq BBC’ning ekstremistik guruhlar bo‘yicha eksperti Mina Al-Lamiyga ko‘ra, bu xabarda hujumni qaysi mintaqaviy idora tayyorlagani va amalga oshirgani aytilmagan. Ekspert mintaqaviy bo‘lim tilga olinmagani ISHID uchun odatiy holligini aytdi. Bu orqali ISHID o‘zining Rossiyadagi kichik filialini Rossiya xavfsizlik kuchlarining diqqat-e’tiboridan himoya qilishga urinayotgan bo‘lishi yoki mintaqaviy bo‘linma hujumda ishtirok etmaganini ko‘rsatishi mumkin. 2024-yil yanvarida ISHID Eronning Kirmon shahridagi hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olganida, hujumni amalga oshirgan mintaqaviy bo‘linma nomi ham keltirilmagan edi. Hukumatparast Rossiya kanallari ham ISHIDning mintaqaviy bo‘limi haqida kam gapirilayotganiga e’tibor qaratdi. Ularning fikricha, bu guruh bayonoti soxta ekanini ko‘rsatadi. Shunday qilib, Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan “Rybar” Telegram-kanalida ISHID Moskvadagi terakt uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani haqidagi bayonotlar soxta ekani, chunki “bunday xabarlar ISHID guruhlari yoki ularning mintaqaviy filiallarida” mavjud emasligi aytilgan. Avvalroq Moskva viloyatidagi hujum “Viloyati Kavkaz” yoki “ Viloyati Xuroson” – ISHIDning afg‘on bo‘linmasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi. Crocus’ga qilingan hujum ortida “Viloyati Xuroson” turgan bo‘lishi mumkinligi haqida avvalroq AQSH razvedka xizmatlari xabar qilgandi. Taxminlarga ko‘ra, Afg‘oniston bo‘limi a’zolari orasida Markaziy Osiyodan kelgan rusiyzabon muhojirlar ham bo‘lishi mumkin. “Crocus’ga hujumdan oldin ISHID ning Rossiyadagi faoliyati asosan xavfsizlik kuchlariga yashirin hujumlar bilan chegaralangan”, — deb yozadi BBC Monitoring xizmati jurnalisti Aleks Shams Rayt. Raytning qayd etishicha, qoida tariqasida, ISHID Rossiyada o‘zining 2015-yilda tashkil etilgan ko‘zga ko‘rinmas filiali “Viloyati Kavkaz” niqobi ostida faoliyat yuritadi. ISHID o‘z zimmasiga olgan oxirgi hujum Rossiyada 2020-yilda sodir etilgan. Crocus City Hall’dagi terakt 22-mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Bir necha qurollangan kishi konsert zali binosiga bostirib kirib, olomonni otib tashlagan, keyin esa binoni yoqib yuborgan. Terakt oqibatida 133 kishi halok bo‘ldi, 182 kishi yaralandi. ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.