Suv osti internet-kabellari: ular qanday qurilgan va zarar yetkazish qanday oqibatlarga olib keladi?
5 mart kuni internet foydalanuvchilari butun dunyodagi ijtimoiy tarmoqlar va boshqa internet servislar faoliyatida uzilishlar kuzatilayotganini xabar qilishdi. Muammolar Facebook va Instagram’da, X (sobiq Twitter), Gmail, «Google xaritalar», Google Play, YouTube, TikTok, WhatsApp, Discord va boshqa servislarda ro‘y berdi. Hongkongning HGC provayderi Qizil dengizda husiychilarning hujumi tufayli Asia–Africa–Europe 1, Seacom, TGN va EIG kabelllariga zarar yetkazilganini xabar qildi. Kompaniyaning baholashicha, bu internet trafigining 25 foizini qamrab oladi. «RBK Trendi» suv osti kabellari qanday ishlashi va ularga zarar yetkazish qanday oqibatlarga olib kelishi haqida hikoya qildi. * * * Bugungi kunga kelib, qit’alar suv osti internet magistrallari bilan bog‘langan. Ular katta ma’lumotlar massivi soniyalarda yetkazilishini ta’minlaydi. Biroq bu kabellar alohida himoyaga muhtoj, chunki tashqi kuchlar ta’sirida ular zararlanishi mumkin, infratuzilmadagi tuynuklar esa ma’lumotlarni o‘g‘irlash imkoniyatini ham yaratadi. Suv osti kabellari nima uchun kerak va ular qanday ishlaydi? Zamonaviy suv osti kabellari — bular okeanlar tubidan o‘tuvchi optik tolali tizim bo‘lib, fotonlar yordamida signallarni shifrlangan holatda uzatishga moslashgan. Ayni paytda bunday kabellar dunyodagi barcha axborotlarning 95 foizini uzatishni ta’minlaydi. Sun’iy yo‘ldoshli aloqa rivojlanganiga qaramasdan, kabellar infratuzilmasi ham rivojlanishda davom etmoqda, chunki ular juda yuqori o‘tkazish qobiliyatiga ega. Yer yuzida 550 dan ortiq suv osti internet kabellari bor, ularning umumiy uzunligi 1,3 mln kilometr. Zamonaviy kabellar bir soniya ichida AQSh Kongressi kutubxonasidagi barcha ma’lumotlarni Avstraliyaga uzatish imkoniyatiga ega. AQSh va Buyuk Britaniyani bog‘lagan ilk transatlantika telegraf kabeli 1858 yilda yotqizilgan. O‘shanda qirolicha Viktoriya AQSh prezidenti Jyeyms Byukenenga telegramma jo‘natgan, uni yetkazish uchun 17 soat sarflangan. Ilk qit’alararo optik tolali kabel 1988 yilda Atlantika okeani tubiga yotqizilgan. TAT-8 deb ataluvchi bu kabel AT&T, France Telecom va British Telecom kompaniyalariga tegishli bo‘lgan.