“Dunyo Moskva yaqinidagi terakt tashkilotchilarini topish yo‘lida birlashishi kerak” — Rossiya ombudsmani

“Bugun butun dunyo hamjamiyatining birlashishi, terakt tashkilotchilarini topish va ularni to‘liq javobgarlikka tortish yo‘lidagi saʼy-harakatlari juda muhim”, — degan Moskalkova. Rossiya ombudsmani, shuningdek, marhumlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. “Dahshatli, qonli terakt”dan jabr ko‘rganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan. Voqeadan jabr ko‘rganlar hukumat eʼtiboridan chetda qolmasligini maʼlum qilgan. Inson huquqlari komissari, shuningdek, qanchalik mudhish jinoyat sodir etmasin, hujum ishtirokchilari ham inson sifatidagi huquqlaridan foydalana olishlari kerakligini maʼlum qilgan. Tergov jarayonida mahbuslarga kuch ishlatishdan tiyilishga undagan. Maʼlumot o‘rnida, 22-mart kuni kechki payt Moskva yaqinidagi Crocus City Hall majmuasida terakt sodir etilgan edi. Rossiya Tergov qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda halok bo‘lganlar soni 137 kishini tashkil etadi. Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligi 182 kishi jarohatlanganini maʼlum qildi. Teraktga aloqadorlikda gumon qilingan 11 kishi, jumladan, Moskva janubi-g‘arbidagi Bryansk viloyatida Ukraina chegarasini kesib o‘tib, boshpana izlashga uringan to‘rt nafar qurolli shaxs qo‘lga olingan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Crocus City Hall’ga hujum ortida turganlarning barchasini aniqlash va jazolashga vaʼda bergan va 24-martni qurbonlar uchun milliy motam kuni deb eʼlon qilgan.