Qirg‘iziston O‘shdan O‘zbekiston shaharlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Muloqot davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida turli darajadagi aloqalar, xususan, savdo-iqtisodiy, taʼlim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi o‘zaro hamkorlik jadal rivoj topayotgani qayd etildi. O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayohat qilish yoki davolanish maqsadida borayotgan Qirg‘iziston fuqarolarining soni yildan yilga oshayotgani, shuningdek, yozgi mavsumda Qirg‘izistonga dam olish uchun kelayotgan o‘zbekistonliklar ham ko‘paygani taʼkidlandi. Biroq O‘sh va unga qo‘shni viloyatlarni O‘zbekistonning Toshkent va boshqa tarixiy shaharlari bilan bog‘lovchi qulay transport-logistika tizimining yo‘qligi turizmni yanada rivojlantirishda asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Shulardan kelib chiqqan holda qirg‘iz tomoni Toshkent—O‘sh—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. Uchrashuv yakunida ikki mamlakat fuqarolari uchun qator qulayliklarni taqdim etadigan va o‘zaro turistlar almashinuvini oshirishga xizmat qiladigan havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan alohida uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi. Fevral oxirlarida “O‘zaviatsiya” agentligi Qirg‘izistonning Tez Jet aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsatnoma berilganini e’lon qilgandi.