NIKOHNI BЕKOR QILISH TARTIBI QANDAY?

Ma'lumki, nikohdan ajralish vaqtida bir qator muammolar yuzaga kelmoqda, shu sababli qonun doirasida uning tartibi haqida batafsil ma'lumot berib o‘tamiz.

Qonunchilishimizga ko‘ra, quyidagi holatlarda er-xotindan birining arizasi bo‘yicha nikohdan ajralishni qayd etish mumkin:


Sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
Sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
Sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan umumiy bolalari bor-yo‘qligidan qat'i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra FHDYo organlarida nikohdan ajratish qayd etiladi.

Bunda FHDYo organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:


Er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yo‘qolgan deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori;
Er (xotin) 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmidan ko‘chirma, shuningdek sudlangan er (xotin)ning o‘rtadagi bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yo‘qligi to‘g‘risidagi tilxat.
Shuningdek, FHDYo organi tomonidan nikohdan ajralishni qayd etish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
FHDYo organi mulkiy nizolari hamda voyaga yetmagan farzandlari bo‘lmagan er-xotinlardan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani qabul qiladi.

Alohida yashovchi er-xotinni nikohdan ajratishni qayd etish ularning birgalikda bergan arizalariga asosan, ulardan birining yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.


Agar er-xotindan biri nikohdan ajralish to‘g‘risidagi arizani berish uchun FHDYo organiga kela olmasa, u holda er-xotin nomidan birgalikda yozilgan arizani ulardan biri topshirishi mumkin. Kela olmagan er yoki xotinning arizadagi imzosi notarial tartibda yoki er-xotin yashab turgan joydagi FHDYo organi mudiri tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Nikohdan ajratishni qayd etish er-xotinning yoki ulardan birining ishtirokida nikohdan ajratish haqida FHDYo organiga ariza bergan kundan keyin 3 oy o‘tgach amalga oshiriladi va sobiq er-xotinlarning har biriga nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beriladi.
Er yoki xotindan birining nikohgacha bo‘lgan familiyasiga qaytishi to‘g‘risidagi istagi nikohdan ajratish haqidagi arizasida ko‘rsatilishi kerak.
Boshqa hollarda esa nikohdan sud tartibida ajratish mumkin bo‘ladi. Bunda quyidagi tartib-taomillar amalga oshirilishi kerak:
Agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi. Sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli.
Nikohdan ajralishni sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDYo organida qayd etish er yoki xotinning yoxud er yoki xotindan birining ishonchnoma asosida harakat qiluvchi vakilining nikohdan ajralishni qayd etish to‘g‘risidagi arizasi asosida amalga oshiriladi. Bunda arizaga sudning hal qiluv qarori ilova qilinadi. Ma'lumot o‘rnida aytishi kerakki, nikohdan ajralganlikni qayd etishda ma'lum to‘lovlar, ya'ni davlat boji mavjud. Masalan, voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotinlarning o‘zaro roziligi bo‘yicha – er-xotinlarning biridan yoki ikkalasidan BHMning 1.5 baravari miqdorida,  agar er-xotin birinchi nikohda bo‘lsa – sud qaroriga asosan BHMning 1.5 baravaridan 3 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (er-xotinning biridan yoki ularning ikkalasidan), er-xotindan biri takroriy nikohda bo‘lsa –  sud qaroriga asosan BHMning 3 dan 4 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (er-xotinning biridan yoki ularning ikkalasidan). Shuningdek gerb yig‘imi uchun BHMning 15 foizi miqdorida (bitta guvohnoma uchun);  to‘lov amalga oshiriladi.
Ta'kidlash joizki, fukarolarga pullik xizmat evaziga yordam ko‘rsatilishi ham mumkin. Masalan, ariza to‘ldirishda yordam berganlik uchun – BHMning 2 foizi miqdorida, huquqiy tushuntirish berganlik va dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirish uchun – BHMning 10 foizi miqdorida to‘lov qilsangiz xodim sizga o‘z yordamini taklif qilishi mumkin. Bunda to‘lov invoys orqali amalga oshiriladi.



Baliqchi tumani FHDYo bo‘limi 1-toifali inspektori S.Xursanov